Jismoniy shaxslar 2019-yil 1-yanvardan qiymati 5 ming dollaridan ko‘p bo‘lmagan tovarlarni bojxona deklaratsiyasi taqdim etmasdan O‘zbekistondan olib chiqishiga ruxsat beriladi.

Foto: “Kun.uz”

Bu haqda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamkorligida O‘zbekiston Prezidentining “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni targ‘ibotiga bag‘ishlangan davra suhbatida ta’kidlab o‘tildi, deb yozmoqda O‘zA.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur farmoni tadbirkorlik subyektlari uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Xususan, ulgurji savdoni amalga oshirish faoliyatini litsenziyalash va savdo korxonalarini soliqqa tortishning maxsus tartibi, aksiz solig‘i solinadigan tovarlarning ayrim turlarini (avtomobil, o‘simlik yog‘i va boshqalar) sotishdan tushadigan tushumlar hisobini yuritish va undan foydalanishning maxsus tartibi hamda ko‘chma savdo uchun ruxsatnoma olish talabi bekor qilindi.

Bundan tashqari, davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan korxonalar bilan shartnomalar bo‘yicha ichki bozorda oldindan 15 foiz to‘lovni amalga oshirishga doir talab, kelishishning xabardor qilish tartibini joriy etgan holda, mahsulotlarni birja savdosiga chiqarish jadvallarini O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishishning amaldagi tartibi ham bekor qilinyapti.

Farmonga muvofiq, 1-noyabrdan boshlab naqd pul tushumini topshirish va undan foydalanish tartibi ham keskin soddalashtirildi. Jumladan, eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan ortiq miqdorda kunlik o‘rtacha naqd pul tushumi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali yoki mustaqil ravishda kunlik topshirish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, tovar-xomashyo birjalariga birjada sotiladigan mahsulotlarni saqlash va logistika qilish, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha sho‘ba xo‘jalik birlashmalarini tuzish, import bo‘yicha olib kelingan yuqori likvidli mahsulot turlarini, egalarining xohishiga ko‘ra, ichki bozorda, shu jumladan, birja savdolarida cheklovlarsiz sotish tartibi joriy etilmoqda.

Endilikda o‘z mahsulotlarini xorijga eksport qilayotgan korxonalar internet tarmog‘i orqali bitta invoys bo‘yicha 5 ming dollargacha tovar (xizmat)larni eksport qilishda xaridor bilan yozma shartnoma tuzish talab etilmaydi. Barcha yuridik va jismoniy shaxslarga umumqabul qilingan xalqaro amaliyotga muvofiq, hisobot yuritgan holda, Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga axborot kiritmasdan hamda pochta aloqa xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga muvofiq, yukning bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirmasdan amalga oshirishga ruxsat etiladi.

Farmonga muvofiq, iqtisodiyot vazirligi huzurida tarmoq bozorlari va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markazi tashkil etiladi. Mazkur markaz respublikada ishlab chiqariladigan va import qilinadigan mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) nomenklaturasi va turlari to‘g‘risida xo‘jalik yurituvchi subyektlarga axborot berish uchun muntazam yangilanib boriladigan elektron-axborot portalini yaratish, ichki ishlab chiqarish quvvatlari, tovarlarga bo‘lgan talab va takliflarning hajmlari, shuningdek, ishlab chiqariladigan va iste’mol qilinadigan mahsulotga ichki bozorda narxlarning o‘zgarishi haqidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, tovar bozorlaridagi narxlar, talab va takliflarning o‘zgarishi dinamikasini tahlil qilish, tarmoq bozorlar konyunkturasini respublika va hududlar kesimida kompleks o‘rganish, ularning muvozanatli rivojlanishi to‘g‘risida takliflar tayyorlash ham yangi tashkil etilayotgan markaz faoliyatining asosiy vazifasidir.