Bu boshqaruv kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishni taqozo etadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 8-avgustda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi, deb yozmoqda O‘zA.

Foto: O‘zA

Farmonda belgilangan ustuvor vazifalarning bajarilishini ta’minlash maqsadida Akademiya tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Akademiyada ta’lim jarayoniga professor-o‘qituvchilar bilan birgalikda 30 dan ortiq davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi tajribali mutaxassislar jalb etildi. Qisqa muddatli kurslarda 1,6 mingdan ziyod boshqaruv kadrlari malaka oshirdi.

Masofaviy ta’limning zamonaviy usullari, xususan E-study (estudy.dba.uz) nomli elektron o‘quv kurslari portali yaratildi.

Portal orqali Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi, M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Oliy iqtisodiyot maktabining Amaliy psixologiya instituti (Rossiya), Inson resurslarini rivojlantirish milliy instituti, Seul Milliy universiteti (Koreya) mutaxassislari bilan hamkorlikda treninglar va seminarlar tashkil etilmoqda.

Malaka oshirish kurslaridan muvaffaqiyatli o‘tgan boshqaruv kadrlariga sertifikatlar topshirilmoqda.