Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosati sohasining huquqiy asoslariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Deputatlar, qonun loyihalari bo‘yicha ishchi guruh a’zolari, Tashqi ishlar vazirligi mas’ul xodimlari, ekspertlar, talabalar ishtirok etgan tadbirda asosiy e’tibor yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustaviga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarining keng jamoatchilik muhokamasiga qaratildi.
“O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi qonunining yangi tahririda xalqaro shartnomalarning O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimidagi o‘rni va mohiyati belgilangani bilan ahamiyatlidir. Unga ko‘ra, mamlakatning xalqaro bitimlari davlat huquqiy tizimining ajralmas qismi hisoblanadi. Hujjatda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha monitoring olib borish mexanizmi kengaytirilgan. Bu qoida davlat organlarining xalqaro shartnomalar sohasidagi ishini muvofiqlashtirish bo‘yicha mamlakat tashqi siyosiy idorasi faoliyati samaradorligini yanada oshirish imkonini beradi.
Davra suhbatida mutaxassislar tomonidan yoshlarga Konsullik ustavi loyihasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar xususida ma’lumot berildi.
Tadbirda talabalar tomonidan mavzularga doir taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.
Izoh (0)