2019-yilning mart oyida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Toshkentdagi Osiyo chempionati musobaqasining saralash bosqichida ishtirok etadi. 7-noyabr, chorshanba kuni mazkur saralash bosqichiga qur’a tashlandi, deb xabar beradi O‘FA matbuot xizmati.

Logo: OFK

Qur’aga ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchilar “F” guruhida Hindiston, Tojikiston va Pokiston terma jamoalari bilan Osiyo chempionati final bosqichiga chiqish uchun kurashga kirishadi. Saralash o‘yinlariga 2019-yilning 22—26-mart kunlari Toshkent shahri mezbonlik qiladi.

Reglamentiga ko‘ra, saralash bahslari sharq va g‘arb mintaqalariga bo‘lingan holda o‘tkaziladi. Har ikki mintaqadagi guruhda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan jami 11 ta terma jamoa Osiyo chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Ularga o‘z guruhlarida eng yaxshi natija qayd etgan 4 ta ikkinchi o‘rin sohiblari hamda mezbon sifatida Tailand olimpiyachilari ham qo‘shiladi.

Tailanddagi Osiyo chempionatida 16 ta terma jamoa qatnashadi. 1, 2 va 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan terma jamoalar Tokio—2020 Olimpiadasida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.