Shanxayda China International Import Expo import tovarlari va xizmatlari birinchi Xitoy xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Nodir Otajonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda, deb yozadi O‘zA.
Keng miqyosli savdo forumida dunyoning 3 ming 600 dan ziyod kompaniyasi vakillari qatnashmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, tadbir davomida 400 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy mehmonning tashrifi kutilmoqda.
Ilk bor tashkil qilinayotgan xalqaro ko‘rgazma tashabbuskori Xitoy tomoni hisoblanadi. 2017-yilning may oyida Pekinda bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” hamkorlik forumi doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Shanxayda 2018-yildan boshlab muntazam ravishda import tovarlari ko‘rgazmasini tashkil qilish taklifini aytib o‘tgan edi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy stendi ostida mamlakatning tekstil, charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, qurilish mollari, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi texnikalari namoyish etilmoqda.
Shuningdek, tadbir doirasida mamlakat turizm sanoatini va infratuzilmasini rivojlantirish, erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini samarali tashkil qilish, iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatini oshirish va O‘zbekistonda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muzokara va uchrashuvlar olib borilmoqda.
Xalqaro forum O‘zbekiston sanoat korxonalari faoliyatini rag‘batlantirish, innovatsion yutuqlarini namoyish etish, dunyo jamoatchiligini respublikaning ilmiy va ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishtirish imkonini berishi bilan muhim ahamiyatga ega.
Izoh (0)