Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi Qoraqalpog‘iston ko‘chasi, 11-A uy qurilishi 2015-yildan buyon chala-yarim holatda qoldirilgan, xonadon egalari esa bitkazilmagan uylar uchun kredit foizlarini to‘lab kelmoqda, deb yozadi “Turon24”.
Mazkur 11-A uyning 4-xonadonini 2016-yilda xarid qilgan Sayyora Arkayeva bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yil 23-fevral kuni Nukus shahri hududida xizmat ko‘rsatuvchi “Nukus temir-beton qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish korxonasi bilan 61-sonli oldi-sotdi shartnomasi imzolagan. Shartnomada xonadonning umumiy bahosi 160 milion so‘m qilib belgilangan, shundan 25 foizi — 40 million so‘m mablag‘ Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Qoraqalpog‘iston bo‘limi orqali o‘tkazib berilgan. Qolgan 75 foizi — 120 million so‘m “Milliy bank” tomonidan ajratilgan ipoteka krediti orqali to‘lab berilgan. Xonadon egalari shu kunga qadar kreditni bank belgilagan grafik asosida to‘lab kelgan.
Xuddi shu holat Aziza Pirniyazova bilan ham takrorlangan. 2016-yilning 5-may sanasidan boshlab, “Milliy bank”ning Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan ajratilgan 82 million 500 ming so‘m kreditning 14 foizli to‘lovi har oyda to‘lab kelingan.
“Sayyora Arkayeva, Aziza Pirniyazova, Davron Allaniyazovlar bilan o‘z nomimizga rasmiylashtirilgan, ipoteka krediti ajratilgan uylarda yashash imkoni yo‘qligi bo‘yicha ko‘pgina tashkilotlar, jumladan, O‘zbekiston Qurilish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga yozma tarzda murojaatlar yo‘lladik. Biz murojaat qilgan barcha vazirlik va tashkilotlar murojaatni o‘rganib chiqib, qurilishni davom ettirish ‘Nukus temir-beton qurilish’ MChJga yuklatilganini bildirmoqda. Ko‘rayotganingizdek, bu hududa hech qanday qurilish jarayoni ketayotgani yo‘q”, — deya ushbu holatlar bo‘yicha o‘z noroziligini bildirdi Alibek Alaminov ham.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasiga yo‘llangan murojaatga javob xatida ko‘rsatilishicha, Nukus shahri hokimining 02.04.2015-yildagi 01/04 297-sonli qarori bilan “Nukus temir-beton qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga Nukus shahri Qoraqalpog‘iston ko‘chasidan 4 qavatli 16 xonali uy-joy qurish uchun 420 metr kvadrat yer maydoni ajratib berilgan. Lekin jamiyat rahbari Bauirjan Bo‘ronboyev va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 4-qismi “a” bandi, 167-moddasi, 3-qismi “b” , “v” bandlari va boshqa bandlar bilan ayblanib, jinoyat ishlari bo‘yicha Taxtako‘pir tumani sudining 13.03.2018-yildagi hukmi bilan B.Bo‘ronboyevga nisbatan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangani bois, qurilish ishlari tugallanmasdan qolgan.
Bugungi kunda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Nukus filiali tomonidan uy-joyning qurilish ishlarini davom ettirish “Nukus temir beton qurilish” MChJ ta’sischisi Bozorboy Adilbekovga topshirilgan va qurilish ishlarini yakuniga yetkazish majburiyatini yuklash yuzasidan sudga da’vo arizasini kiritish masalasida savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmasiga xat kiritilgan.
“Nukus temir beton qurilish” MChJ ta’sischisi Bozorbay Adilbekov tushuntirish xati orqali ushbu uy-joylarning qurilishini tez orada yakuniga yetkazishni va o‘z egalariga topshirishini bildirgan, bu haqda prokuraturaning javob xatida keltirib o‘tgan.
“Nukus temir beton qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Bozorboy Adilbekovdan mazkur holatlar izohi so‘ralganida, u 11-A uyning qo‘shimcha 8 xonadonli qismi uchun Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining hududiy bo‘limi tomonidan jamiyat hisobiga pul o‘tkazilmagani, hech qanday mablag‘siz qurilishni boshlay olmasligini ma’lum qildi.
Nashr muxbiri xonadon egalari tomonidan to‘lanayotgan mablag‘lar qayerga yo‘naltirilayotgani, nima uchun qurilish korxonasiga mablag‘ o‘tkazilmayotganini bilish maqsadida “Milliy bank” bilan bog‘landi. Lekin bank vakili bu ishlar yuzasidan sud jarayoni olib borilayotgani uchun hech qanday ma’lumot bera olmasligini ma’lum qilgan.
Mahalliy aholi vakillarining ma’lum qilishicha, uyning aholi yashayotgan 16 xonadonli qismidagi qurilish ishlari ham xo‘ja ko‘rsinga qilingan. Xonadonlarning oldi qismi to‘la ta’mirlanmagan, u yerda mashinalarni qo‘yishga joy ajratilmagan. Bolalar maydonchasi va chiqindi tashlash hududi yo‘q. Qurilish chala qoldirilgan sakkiz xonadon ichiga ham chiqindilar yig‘ilgan.
Izoh (0)