1-noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Pokistonda bo‘ldi. Bu haqda TIV xabar bermoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi Pokiston bosh vaziri Imron Xon tomonidan qabul qilindi.
Shu kunning o‘zida Islomobod shahrida Pokiston tashqi ishlar vaziri Mahmud Qureyshi, Qurolli kuchlar quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni general Qamar Javed Bajva, Qurolli kuchlar shtablar boshliqlarining birlashgan qo‘mitasi raisi general Zubayr Mahmud Hayot bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomon kun tartibining muhim masalalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston – Pokiston alaqolarini yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tashrif doirasida mintaqaviy masalalar, avvalo Afg‘onistondagi holat yuzasidan ham fikr almashildi. Afg‘on inqirozini siyosiy bartaraf etish jarayonini boshlash uchun xalqaro sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishning muhimligi qayd etildi.
Uchrashuvlarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)