Oktabr oyida mamlakatning iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi o‘rtacha 1,3 foizga ko‘tarildi. Umumiy hisobda 10 oy davomida iste’mol sektorida inflyatsiya darajasi 9,5 foizni tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Tovarlar narxi o‘rtacha 91 foizga, xizmatlar narxlari esa 10,7 foizga ko‘tarildi.
Oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari 2,3 foizga qimmatlashdi. Narxlar ko‘tarilishi borasida tuxum (15,1 foiz), meva va sabzavotlar (8,3 foiz), go‘sht mahsulotlari (1,1 foiz) va non mahsulotlari (0,9 foiz) yetakchilik qildi.
Meva va sabzavotlar orasida eng ko‘p karam (50,3 foiz), bodring (32,1 foiz), kartoshka (24,1 foiz), sabzi (19,1 foiz), piyoz (7,9 foiz) qimmatlashdi.
Neft mahsulotlari narxlarining 0,5 foizga o‘sgani qayd etildi.
Shuningdek, kiyim-kechak (1,2 foiz), oyoq kiyimi (0,9 foiz), aloqa vositalari va maishiy tekstil (0,7 foiz), qurilish materiallari (0,4 foiz) va avtomobil yoqilg‘isi (0,3 foiz) narxlari ham oshdi.
Statistika qo‘mitasining qayd etishicha, nooziq-ovqat mahsulotlari, birinchi navbatda import qilinayotgan mahsulotlar (kiyim, oyoq kiyimi, aloqa vositalari, shaxsiy gigiyena mahsulotlari va boshqalar) narxlari oshishiga milliy valyuta kursining pasaygani ta’sir qildi. O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 15-sentabrdan 15-oktabrga qadar dollar kursi 4,1 foizga (7 862 dan 8 181,08 so‘mgacha) oshdi.
Oktabrda aholi uchun xizmatlar tariflari 0,5 foizga o‘sdi. Uning o‘sishiga yo‘lovchi transporti xizmatlari tariflari (1,4 foiz) va maishiy xususiyatga ega xizmatlar (1 foiz) narxlarining o‘sishi asosiy ta’sir ko‘rsatdi.
Izoh (0)