O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi “Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlashda jamoatchilik nazoratini yuksaltirish” mavzusida davlat granti qo‘shimcha tanlovini e’lon qildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi ijtimoiy maqsadlarni amalga oshirishni nazarda tutgan loyihalari qabul qilinadi:
- Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini va qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini, ularga rioya etilishini keng targ‘ib qilish.
- Majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari bilan ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish.
- Mehnat qonunchiligi talablarining bajarilishi, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan aholi bilan ochiq muloqot mexanizmlarini joriy etish.
- Uyushmagan, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlashga, ularni tadbirkorlik va oilaviy biznesning turli shakllariga keng jalb qilishga ko‘maklashish.
- Davlat vakillik organlarining fuqarolarni kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalari bilan hamkorlikda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish.
- Bolalar mehnati va majburiy mehnat masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash bilan hamkorlikda erishilgan ijobiy natijalar barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlariga ko‘maklashish.
Hujjatlar 2018-yil 26-oktabrdan 28-noyabrgacha qabul qilinadi.
Hujjatlar “Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi” nomiga 100163, Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 43-uy manziliga “O‘zbekiston pochtasi” orqali muhrlangan konvertda (A4 formatda) yuborilishi shart.
Izoh (0)