Jizzax viloyatida olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida 227 nafar fuqaro tadbirkorlik faoliyatini qayta tikladi. Shuningdek, bu tadbirkorlar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tishi bilan ulardagi 1 milliard 480 million so‘mdan ortiq soliq qarzi hisobdan chiqarildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Bu haqda Jizzax shahrida “Soliq qarzining paydo bo‘lish sabablari, to‘lovlarning amalga oshirilishida uchrayotgan muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda ma’lumot berildi.
Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi hamda bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda soliq qarziga ega 100 dan ortiq jismoniy shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlar, soliq sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda Prezidentning 27-iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish, ushbu hujjatda belgilangan soliq imtiyozlaridan unumli va maqsadli foydalanish, sohada uchrayotgan muammolarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘basi ma’lumotlariga ko‘ra, bu kabi tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida tashkil etilmoqda.
Izoh (0)