Andijon viloyatida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 42 ta kichik sex tashkil etilib, 1000 dan ortiq xotin-qiz ishga joylashtirilgan. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tuman, shahar xotin-qizlar qo‘mitalaridan saylangan delegatlar, mutasaddi idoralar va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etgan anjumanda Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusovaning hisoboti tinglandi.
Hisobotda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, reproduktiv salomatligini yaxshilash, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, og‘ir sharoitda yashayotgan ayollarga ko‘rsatilayotgan yordamlar, oilalarni mustahkamlash, ajrimlarning, shuningdek, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlar ham tahlil qilinib, bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Anjuman ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Nizomiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Konferensiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi, shuningdek, respublika xotin-qizlar konferensiyasiga delegatlar saylandi. Bir guruh ilg‘or va faol xotin-qizlar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Izoh (0)