Toshkentda 29-oktabr kuni Markaziy Osiyo ekspertlar forumining birinchi majlisi o‘z ishini boshladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Anjuman O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi hamkorligida tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori V.Norov, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari D.Ahatov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti direktori Z.Shaukenova, Qirg‘iziston Respublikasi strategik tadqiqotlar milliy instituti direktori K.Shadibekov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori X.Xoliqnazar, Turkmaniston Moliya va iqtisodiyot vazirligining Strategik va barqaror rivojlanish instituti direktori O.Ashirov, shuningdek, BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari N.German ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Majlisda so‘nggi ikki yil mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tarixiy va jadal o‘zgarishlar davri bo‘lgani, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda aniq maqsadli strategik sheriklik munosabatlari qaror topgani ta’kidlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yil 15 mart kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi yuqori saviyada tashkil etilgani bunda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Izoh (0)