Amerikaning Defence Blog nomli harbiy nashri va Niderlandiyaning aviatsiya haqidagi Scramble jurnali, taxminlarga ko‘ra, Rossiya armiyasi uchun ishlab chiqilayotgan yangi vertolyot modeli suratlarini e’lon qildi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

Foto: “RIA Novosti”

Vertolyot qanotlar va bort tagiga yashiriladigan shassi bilan ta’minlanadi; u soatiga 700 kilometrgacha tezlashishi mumkinligi aytilmoqda.

Yangi vertolyot modeli “Kamov” konstruktorlik byurosi tomonidan ishlab chiqilmoqda; uning taqdimotini byuro direktori Sergey Mixeyev o‘tkazgan, deya xabar bermoqda Defence Blog.

Foto: “RIA Novosti”

Vertolyot ishlanmalarning qaysi bosqichida turgani noma’lum, shuningdek, taqdimot qachon va qayerda o‘tkazilgani ham ma’lum qilinmayapti. Defence Blog’ning ta’kidlashicha, ushbu suratlar Rossiya ijtimoiy tarmoqlaridan topilgan.

Foto: “RIA Novosti”

2018-yil fevralida Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Yuriy Borisov rossiyalik harbiylar kreyserlik tezligini soatiga 400 kilometrgacha oshira oladigan vertolyotni qabul qilib olishga umid qilayotganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vertolyot besh—yetti yil ichida ishlab chiqilishi mumkin.