O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi shartnoma-huquq departamenti vakillari 22-26-oktabr kunlari BMT Bosh assambleyasi 6-qo‘mitasining (huquqiy masalalar bo‘yicha) 73-sessiyasi ishida ishtirok etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir doirasida Xalqaro huquq komissiyasi va BMT Xalqaro sudi dokladlari bo‘yicha muhokamalar hamda tashkilotga a’zo mamlakatlar tashqi siyosat idoralari huquqiy xizmatlari rahbarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘p tomonlama shaklda xalqaro huquq normalarining izchil rivojlanishi va ularni kodifikatsiya qilish hamda xalqaro munosabatlarda huquqning ustuvorligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Xususan, kun tartibidagi jus cogens (xalqaro huquqning imperativ normalari), xalqaro odat normalarini aniqlash, davlat mansabdor shaxslarining chet el jinoiy yurisdiksiyasidan immuniteti, kelishuvlarning vaqtinchalik qo‘llanilishi, kelishuvlarni izohlash borasidagi keyingi bitimlar va keyingi amaliyot va shu kabi boshqa masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Sessiya yakunida 2018-yil dekabr oyida qabul qilinishi kutilayotgan BMT Bosh Assableyasining tegishli qarorlari loyihalari ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)