Jizzax viloyati hokimligida Prezidentning 17-oktabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar va ularning amaldagi ijrosiga bag‘ishlab seminar o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Jizzax viloyatida ikkilamchi ekin ekish, xonadonlarda ixcham issiqxonalar tashkil etish va shu orqali eksportbop sabzavot mahsulotlarini yetishtirish hajmini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni paytda viloyatda 2 ming 404 gektar yerda bog‘ barpo etish, baliqchilik, asalarichilik, parrandachilik, chorvachilik, quyonchilikni rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilayotir. Meva-sabzavot va uzum yetishtirishni 15-20 foizga ko‘paytirish, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha yangi xorijiy hamkorlar topish doimiy e’tiborda.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yil birinchi yarmida yetishtirilgan meva-sabzavot va qayta ishlangan mahsulotlar eksporti 5,9 million dollar yoki jami eksportdagi ulushi 17,3 foizni tashkil etdi. Jumladan, 2,5 million dollarlik sabzavot, 2,6 million dollarlik meva va rezavorlar eksport qilindi. Ayni paytda xorijlik hamkorlarga mo‘ljaldagi mahsulotni yetkazib berish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Izoh (0)