AQShning United Investment Healthcare Group kompaniyasi O‘zbekistonning “Dori-Darmon” kompaniyasini ishonchli boshqaruv uchun qabul qilib oladi. Bu haqda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi matbuot xizmatiga asoslanib, Spot xabar bermoqda.

Foto: Spot

Tegishli kelishuv Toshkenrtda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston—AQSh biznes-forumi doirasida imzolangan. Kelishuvni O‘zbekiston tomonidan Ravshan Azimov imzolagan — u 2018-yil aprelida “Dori-Darmon” boshqaruvi raisi etib tayinlangan edi.

AQSh kompaniyasi “Dori-Darmon”ni besh yil muddatga ishonchli boshqaruvga olyapti. Agar chet ellik hamkor belgilangan biznes-ko‘rsatkichlarga erisha olsa, u holda kelishuv yana besh yil muddatga uzaytiriladi.

“Dori-Darmon”ni xorijiy kompaniya boshqaruviga topshirish maqsadi avgust oyi oxirida, shu haqdagi tegishli hujjat loyihasi e’lon qilinganidan so‘ng ma’lum bo‘lgandi. Ma’lumot uchun, kompaniyaning 71 foiz aksiyasi davlatga tegishli. Kompaniya tarkibida 2200 dan ziyod ijtimoiy dorixonalar tashkil etilgan bo‘lib, u narkotik vositalar va psixotrop moddalarni davlat tibbiyot tashkilotlariga yetkazib beruvchi yagona shirkat hisoblanadi.