Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-oktabr kuni imzolagan farmonga muvofiq, O‘zbekistonda 1-noyabrdan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori o‘rtacha 10 foizga oshiriladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

Foto: “Gazeta.uz”

Farmonga muvofiq, 1-noyabrdan boshlab:

  • eng kam ish haqi — oyiga 202 730 so‘m (hozir — 184 300 so‘m);
  • yoshga doir pensiyalar va bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 396 500 so‘m (hozir — 360 460 so‘m);
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 243 300 so‘m (hozir — 221 190 so‘m) miqdorida belgilanadi.

O‘zbekiston eng kam ish haqi miqdori so‘nggi bor 2018-yil 15-iyulida, o‘rtacha 7 foizga oshirilgan edi.

Avvalroq Davlat statistika qo‘mitasi tovar va xizmatlarning narxlari sentabr oyida 1,8 foizga, yil boshidan beri esa 8,1 foizga o‘sgani haqida axborot bergandi.