Halokatli gumanitar vaziyat sababli “Rukban” lagerida ikki hafta ichida 14 kishining o‘limi qayd etildi. Bu haqda inson huquqlari bo‘yicha Suriya tarmog‘i rahbari Ahmad Kazem xabar berdi, deb yozadi “RIA Novosti”.

Foto: AP Photo

“Oxirgi ikki hafta ichida chidab bo‘lmas yashash sharoitlari va tibbiy yordamning mavjud bo‘lmaganligi sababli 14 kishi, jumladan, to‘rt nafar bola va ikki ayol halok bo‘lgan”, — deydi Kazem.

Huquq himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, Iordaniya tomoni lager hududida chegara o‘tish qismlarini yopib qo‘yganligi “Rukban”dagi gumanitar vaziyatning yomonlashuviga sabab bo‘lgan.

“Iordaniya, shuningdek, lagerga gumanitar yordam yetkazishga ruxsat bermayapti”, — deya qo‘shimcha qiladi Kazem.

Homs viloyatining janubi-sharqidagi Suriya—Iordaniya chegarasida joylashgan “Rukban” suriyalik qochoqlar lageri bugungi kunda AQShning at-Tanfdagi bazasi javobgarligi zonasida joylashgan.