Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida Majburiy ijro byurosi xodimi hayotiga suiqasd qilingani haqida turli xabarlar tarqaldi. Uni turlicha talqin qilganlar ham bo‘ldi. O‘zA aslida nima bo‘lganligiga aniqlik kiritdi.
Joriy yil 18 -may kuni soat 16:00 larda Majburiy ijro byurosi bo‘limi davlat ijrochisi A.Ahmedov Buvayda tumani Alisher Navoiy ko‘chasidagi “Abror Feruz savdo servis” oilaviy korxonasiga fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining 2017-yil 5-oktabrdagi da’vogar “Mahbuba Zulfiya” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bo‘lgan “Yangiqo‘rg‘on” avtoshohbekatida joylashgan yer maydoniga javobgar tomonidan noqonuniy qurilgan devor va o‘rnatilgan metall darvozani o‘z hisobidan buzdirish haqidagi qarori yuzasidan ijro harakatini amalga oshirish uchun boradi.
Sudlanuvchi A.Abduvaliyev MIB xodimiga faol qarshilik ko‘rsatib, do‘kon ichiga kiritmasdan, dastlab ko‘kragidan itarib yuboradi, sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqoratlaydi. Do‘kon ichidan ikki dona chopqini olib, davlat ijrochisi A.Ahmedovni qasddan o‘ldirish maqsadida bosh qismiga bir marta urib, jarohat yetkazgan. Davlat ijrochisini qonuniy ijro faoliyatini amalga oshirishdan voz kechishga majbur qilgan. Lekin A.Ahmedovning faol qarshiligi va shu yerda bo‘lgan boshqa fuqarolar harakati natijasida jinoiy harakatlarini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatda oxiriga yetkaza olmagan.
Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining sudyasi D.Xoliqnazarova raisligida ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
Sudlanuvchi A.Abduvaliyev aybiga iqror va qilmishidan pushaymon bo‘lib ko‘rsatma berdi. Sud majlisi davomida jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanib, sudlanuvchi A.Abduvaliyevga O‘zbekiston Respublikasi JK 25,97-moddasi 2-qismining “g” bandi va 219-moddasining 2-qismi bilan Jinoyat kodeksi 57, 59-moddalari tartibida uzil-kesil 10 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sud sodir etilgan jinoyatning sababi va uning sodir etilishiga imkon bergan sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan sudlanuvchining yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig‘iniga xususiy ajrim chiqardi.