Farg‘ona viloyatidagi terimchilarga ko‘maklashish maqsadida viloyat davlat soliq boshqarmasi hamda Farg‘ona shahar davlat soliq inspeksiyasining 200 dan ortiq xodimi shanba va yakshanba kunlari Toshloq tumani “Navbahor F servis” muqobil MTP hududida joylashgan “Navbahor saxovati” fermer xo‘jaligidagi paxta terimida ishtirok etdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘basi xabar berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi

— Yurtimiz boyligi bo‘lgan “oq oltin”ni sovuq kunlarga qolmay o‘z vaqtida terib olishga barchamiz birdek mas’ulmiz, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Dilmurod Bakubayev. – Dam olish kunlari boshqarmaning barcha xodimlari viloyatimizdagi paxta-yig‘im terimida faol ishtirok etdilar. Fikrimcha, biz bu bilan fermerlarimizga biroz bo‘lsa-da, yordam ko‘rsatamiz, shu bilan birga, bunday o‘ziga xos “hashar”lar mehnat jamoamizning yanada birlashuviga xizmat qiladi.

— Bu yil fermer xo‘jaligimizdagi paxta maydoni 29 gektar bo‘lib, har bir gektardan 33 sentner, jami 100 tonna paxta olishni rejalashtirganmiz, — deydi  “Navbahor saxovati” fermer xo‘jaligi rahbari Qodirali Yo‘ldoshev. – Ushbu mavsumdagi yig‘im-terimda asosan fermer xo‘jaligi a’zolari, qo‘shni mahallalardan hamda turli tashkilotlardan, xususan, soliq idoralaridan ko‘ngillilar ishtirok etmoqda. Aytish joiz, mavsum davomida terimchilarga barcha zarur sharoitlar yaratib berilmoqda hamda har bir kilogramm terilgan paxta uchun davlat tomonidan belgilangan summa o‘z vaqtida to‘lanmoqda.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, paxta terimida ixtiyoriy tarzda qatnashish istagini bildirgan fuqarolarning huquq va manfaatlari davlat tomonidan himoya qilinadi hamda ular uchun paxta mavsumida barcha zarur sharoitlar yaratib beriladi.