Bugun, 11-oktabr sanasida ham Buenos-Ayres shahrida III yozgi Olimpiya o‘yinlari davom etmoqda. Musobaqaning to‘rtinchi kuniga kelib O‘zbekiston terma jamoasi sportchisi dastlabki oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati.

Foto: MOQ matbuot xizmati

Dzyudo bo‘yicha miks bahslarida Jayhunbek Nazarov Xorvatiya, Belarus, Italiya, Meksika, Venesuela va Xitoy Taypeyi vakillari bilan bitta jamoada harakat qildi. “Beijing” jamoasi nomidan ishtirok etgan dzyudochilar finalgacha yetib borib, g‘alaba qozondi. Shu tariqa ushbu mamlakat sportchilari oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Nazarov finalda ispaniyalik Xaviyer Penani mag‘lub etdi. U yakkalik bahslarida chorak finalda aynan unga imkoniyatni boy bergandi. Shu tariqa Jayhunbek miks bahslarida o‘ziga xos revansh oldi.

Ma’lumot uchun, bungacha O‘zbekiston terma jamoasi safida Ulug‘bek Rashitov (taekvondo, kumush) va Nilufar Yermagambetova (dzyudo, bronza) terma jamoa hisobiga medallar qo‘shib qo‘ygandi.