AQShning Las-Vegas shahrida UFC’ning ikki vazn toifasidagi sobiq chempioni irlandiyalik Konor Makgregor va yengil vazn toifasidagi amaldagi chempion rossiyalik Habib Nurmagomedov o‘rtasida UFC 229 musobaqasining asosiy jangi bo‘lib o‘tgani va unda Habibning g‘alabaga erishgani haqida xabar berilgandi.

Foto: Google Images

Jang tugagach Habib Nurmagomedov raqibining jamoasi bilan oktagon tashqarisida janjallashib ketdi. Bu vaqtda esa Habibning jamoadoshlari Konorga hujum qildi. Janjal avj olib ketmasligi uchun tashkilotchilar ikkala sportchini ham tribuna ostiga olib o‘tib ketishdi.

Sportchilarni olib chiqib ketishda mazkur jang oqshomida ishtirok etmagan sportchilar ham yordam ko‘rsatishdi. UFC rahbari Deyna Uayt esa Makrgregor jamoasini ogohlantirdi. Uning qarori bilan sportchilar ishtirokisiz va kamarni tantanali topshirishsiz g‘olib nomi e’lon qilindi. Shuningdek, sportchilar oktagonda intervyu ham bera olmadi.

TASS axborot agentligining xabar berishicha, Habibning menejeri Rizvon Magomedov va uning jamoasidagi bir kishi (boshqa manba esa ular uch kishi sifatida ko‘rsatilmoqda) politsiya tomonidan hibsga olingan. Hozircha buning sababi ochiqlanmadi.