Fransiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rasmiy tashrifiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda. O‘zA muxbiri mazkur tashrif va O‘zbekistondagi o‘zgarishlar haqida parijliklar bilan suhbatlashdi.
Boosh Bazen (iqtisodchi):
– O‘zbekistonda barcha sohalarda islohotlar amalga oshirilayotganidan xabardormiz. Eng diqqatga sazovor tomoni shuki, zamonaviy turizm infratuzilmasi rivojlantirilib, sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun keng ko‘lamli sharoitlar yaratilayotgan ekan. Yaqinda mamlakatingizda borib kelgan tanishlarim O‘zbekiston tarixiy obidalarga boy mamlakat ekanini aytdi. Demak, ularga qiziquvchilar ko‘p bo‘lishi tabiiy. Shuningdek, internet saytlarida mamlakatingizda sayyohlikning yangi turlari, jumladan, ekoturizm rivojlanayotganidan xabarim bor. O‘zbekistonda qo‘riqxonalar, milliy bog‘lar, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar, yodgorliklar mavjudligi ekoturizmni istiqbolli yo‘nalishga aylantirish imkonini beradi.
Madlen Barso (o‘qituvchi):
– O‘zbekiston Fransiya bilan yaqin hamkorlik aloqalarini rivojlantirayotgani mamnuniyat uyg‘otadi. Tarix kitoblarida Amir Temur haqida o‘qiganmiz. Parijdagi Luvr muzeyida bo‘lganimda ham o‘sha davrga oid ko‘plar eksponatlar bilan tanishganman.
Yaqinda ta’lim sohasida O‘zbekistondan delegatsiya kelgani haqidagi xabarni o‘qidim. Maktabgacha, maktab, o‘rta maxsus va professional ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilganidan xursand bo‘ldim. O‘zbekistonda fransuz tili va madaniyati markazlarini tashkil qilish, ikki mamlakat ta’lim vazirliklari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish tarafdorimiz.
Moro Benua (talaba):
– O‘zbekistonga borishni mo‘ljallab turibman. Mamlakatingiz tarixiga qiziqaman. Qadimiy obidalarni asl holicha saqlab qolish borasidagi ishlar tahsinga sazovor. O‘zbekistonga Fransiyadan ko‘p sayyoh boradi. Ular bir olam zavq va taassurotlar bilan qaytmoqda. Targ‘ibot ishlari natijasida Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz, Toshkent, Qo‘qon, Shahrisabz kabi shaharlarda buyuk ajdodlaringizning yuksak iste’dodi bilan bunyod etilgan obidalar o‘zining haqiqiy qadr-qimmatini topmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining Fransiyaga rasmiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishi shubhasiz.
Izoh (0)