Samarqand viloyat adliya boshqarmasi hamda viloyat Bandlik bosh boshqarmasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzgan bir qator maktab direktorlari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar berdi.
Xususan, Jomboy tumanidagi 40-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab direktori Sh. Namozova 7-iyun kuni maktab o‘qituvchilari M. Xoljigitova, G. Ergasheva va R. Suyundiqova hamda voyaga yetmagan 7-sinf o‘quvchisi M. Iskandarovani maktab sinflarini joriy ta’mirlash ishlariga majburiy jalb qilinganligi aniqlangan.
Sh. Namozova Mehnat kodeksining 7-moddasi talabi buzilganligi sababli Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 2-qismiga asosan eng kam oylik ish haqining 5 baravari (861200 so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.
Shuningdek, Oqdaryo tumanida joylashgan 22-sonli umumta’lim maktab direktori Z. Bo‘ronova 12-iyun kuni maktab o‘qituvchisi R. Abduhamidova, X. Ravshanova va D. Eshmirzayevani maktab sinflarini joriy ta’mirlash ishlariga majburiy jalb qilinganligi aniqlangan.
Natijada Samarqand viloyat bandlik boshqarmasi tomonidan 22-sonli umumta’lim maktab direktori Z. Bo‘ronova Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan eng kam oylik ish haqining 1 baravari (172240 so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.
Samarqand viloyat Bandlik boshqarmasi davlat mehnat huquqi inspektori Gamlet Abdurahmonovning ma’lum qilishicha, joriy yilning fevral-sentabr oylarida 81 nafar fuqaro mehnat huquqi buzilganligi to‘g‘risida murojaat qilgan. Murojaatlarning barchasi o‘rganlib ijobiy hal qilingan.
Izoh (0)