Vazirlar Mahkamasining 18-maydagi “Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 370-son qaroriga ko‘ra, qurilishi va rekonstruksiyasi tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan. Ushbu hujjatlar ijrosi yuzasidan Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi “Daryo”ga ma’lumot berdi.
Mazkur ma’muriy reglamentga ko‘ra, qurilishi tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish davlat xizmatlari 2018-yilning 1-iyunidan boshlab Davlat xizmatlari markazlari orqali soddalashtirilgan tartibda ko‘rsatib kelinmoqda.
Qarorga asosan, bunday bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilishda tuman (shahar) hokimining qarori chiqarilishi bekor qilinishi bilan birga, davlat xizmatini ko‘rsatishda ishtirok etuvchi davlat organlarining soni 8 tadan 4 tagacha kamaytirildi, xizmat ko‘rsatish muddati 9 ish kunigacha qisqartirildi.
Toshkent shahrida uch oy ichida (2018-yilning 1-iyunidan 1-sentabriga qadar) jami 993 ta qurilishi tugallangan obyektlar foydalanishga qabul qilingan bo‘lsa, shundan 383 tasi noturar toifasidagi obyektlardir. Vaholanki, 2017-yilning to‘qqiz oyi davomida (yanvardan sentabrgacha) bor-yo‘g‘i 333 ta noturar joy toifasidagi obyektlar foydalanishga qabul qilingan. Bu esa hozirgi kunda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganligidan dalolat beradi.
Arxitektura va qurilish sohasida olib borilayotgan islohotlar Jahon bankining Doing Business global reytingida O‘zbekiston mavqeining yanada mustahkamlanishiga, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay muhit yaratilishiga imkoniyat yaratmoqda.
Izoh (0)