Navoiy viloyati adliya boshqarmasi tomonidan Konimex tumanida “Huquqiy axborot kunlari” o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbirda adliya organlari xodimlari boshchiligida turli idora vakillaridan iborat 6 ta targ‘ibot guruhi tomonidan tumandagi 13 mahalla va ovulda istiqomat qiluvchi aholi bilan xonadonma-xonadan yurib, uchrashuvlar o‘tkazildi. Fuqarolarning muammolari o‘rganilib, ularga yangi qabul qilingan qonun hujjatlari bo‘yicha tushunchalar berildi.
“Uyma-uy yurish davomida 172 murojaat tegishli tartibda qabul qilinib, ularning barchasi boshqarma va tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilmoqda, — deydi viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i G‘aybulla Primov. — Qariyb 100 nafar fuqaroning murojaati bo‘yicha joyida huquqiy maslahat berildi. Davlat notarial idoralari notariuslari tomonidan jami 24 sayyor notarial harakat amalga oshirildi. Tuman ma’muriy sudi 7 ishni bevosita mahallada sayyor tartibda ko‘rib chiqdi”.
Kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy muhofazaga muhtoj 14 nafar fuqaroning holidan xabar olinib, ularga kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirning birinchi kuni tuman markazidan 210 kilometr olisda joylashgan “Uchtepa” ovul fuqarolar yig‘inidagi “Saltanat” maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lgan uchrashuvda bolalarga dastlabki huquqiy bilimni shakllantirish uchun adliya boshqarmasi tomonidan tayyorlangan maxsus qo‘llanmalar tarqatildi.
Bundan tashqari, tumandagi barcha mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlarida aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning muammolari tinglandi.
Tadbirning ikkinchi kuni tuman markazidagi istirohat bog‘ida “Huquqiy axborot kunlari”ning bayram sayli tashkil etildi. Shuningdek, tijorat banki tomonidan 10 nafar tadbirkorga imtiyozli kredit asosida tikuv mashinasi berildi hamda 11 kishiga tantanali ravishda fuqarolik pasporti topshirildi.
Izoh (0)