Xalqaro miqyosda e’tiborga molik biznes tadbir — “VIII Markaziy Osiyo savdo forumi” O‘zbekistonda ilk bor o‘tkaziladi, deb yozadi O‘zA.
AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda tashkil qilinayotgan ushbu tadbir joriy yil 17—18-oktabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.
Markaziy Osiyo savdo forumi dunyo bo‘yicha 70 milliondan ziyod hamkor va biznes doira vakillarini o‘z atrofiga birlashtiradi. Mazkur yirik tadbirning Toshkentda o‘tkazilishi Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan bozorlari bilan dunyo hamjamiyatini tanishtirish uchun o‘ziga xos platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Forumda ishtirok etish istagida bo‘lgan qatnashchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda. 2017-yili Qozog‘istonda o‘tgan forumda 18 mamlakatdan 1 ming 100 nafardan ziyod vakil qatnashgan edi.
Bu yilgi forum “Savdo va investitsiyalarni rivojlantirishda yangi istiqbollar” mavzusida tashkil qilinadi va Markaziy Osiyoning, xususan, O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro savdo uchun ochilib borilayotgani, biznes imkoniyatlariga bag‘ishlanadi.
Anjuman doirasida savdo ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tadi. Unda mintaqaning turli tarmoqlar, jumladan, transport, turizm, axborot texnologiyalari, asbob-uskunalar ishlab chiqarish, meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash korxonalari ishtirok etadi.
Xalqaro anjuman Markaziy Osiyo mamlakatlarida raqobatbardoshlikni oshirish, savdo faoliyatini qo‘llab-quvvatlash orqali ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan loyihadir. Bu mintaqaning beshta mamlakatida meva-sabzavotchilik, turizm, transport va logistika sohalarida aholi bandligini ta’minlash, shuningdek, eksportni har tomonlama rivojlantirishni ko‘zda tutadi.
Izoh (0)