Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, taniqli jurnalist Beruniy Alimovning “Hurriyat” gazetasida O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi imijini shakllantirishga oid maqolasi e’lon qilindi. Maqola mazmunini O‘zA keltirdi.
Unda qayd etilishicha, xorijiy ommaviy axborot vositalarida hozir o‘zbekistonlik ekspertlar tomonidan tayyorlangan original chiqishlar, ulardan iqtibos keltirilgan boshqa axborotlar hajmi nisbatan kam. Afsuski, xalqaro mavzuga ixtisoslashgan siyosiy sharhlovchilarimizning (odatda kechikib e’lon qilinadigan) fikrlari boshqa davlatlar jamoatchiligiga to‘la yetib bormaydi.
Faqat ichki media makon qobig‘i doirasida qolib ketayotgan sharhlovchilarning sust harakatlari sabab O‘zbekiston imijini shakllantirish ishlari asosan davlat organlari — vazirlik va idoralar, ayrim axborot agentliklari va nashrlar zimmasida qolib ketayotir.
Xorijiy mamlakatlardagi elchixonalar bilan doimiy hamkorlik qiluvchi mahalliy professional sotsiologlar, siyosatshunoslar, iqtisodchilar, jurnalistlar ishtirokida ekspertlar hamjamiyatini tuzish ham sinovdan o‘tgan tajriba, deydi muallif.
O‘zbekistonda yoki tashqarida faoliyat olib borayotgan ekspertlar guruhlari akademik doiralardan uzilib qolgani seziladi. Shu sababdan, ommaviy axborot vositalarida respublikamiz hayotiga doir e’lon qilinayotgan chiqishlarda ilmiy asoslar sayozligi ko‘rinadi.
Nufuzli xalqaro nashrlarda respublika imiji bilan bog‘liq salmoqli ilmiy maqolalarning kamligi achinarli hol. Bu borada xorijda bosilgan fundamental asarlar deyarli uchramasligini ham afsus bilan ta’kidlash darkor.
Mustaqil ekspertlar va tadqiqot markazlarining faoliyatiga baho berishda, avvalambor, ular tomonidan xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan maqolalarning sifati va miqdoriga e’tibor qaratish to‘g‘ri bo‘lardi.