Joriy yilning 26-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi U.A. qo‘shni davlatdan “Jartepa” chegara bojxona posti orqali O‘zbekistonga kirib kelayotib, 6-fevraldagi “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga zid ravishda “Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi”da ko‘rsatmasdan, ko‘p miqdorda, umumiy bahosi 5 millionga yaqin turli xil tovarlarni olib o‘tishga uringan. Bu haqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 20-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida lazerli nur tarqatgichlarni ishlatishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 50-son qarori bilan lazerli nur tarqatgichlarni chetdan olib kirish va sotish taqiqlangan bo‘lishiga qaramasdan, fuqaro U.A. o‘zi bilan xorijda ishlab chiqarilgan 515 dona lazer qurilmasini olib kirishi oldi olindi. Bojxona xodimlari mazkur tovarlarni huquqbuzarlik ashyosi sifatida hujjatlashtirib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashlashtirgan.
Sud, ma’muriy ish hujjatlarini o‘rganib chiqib, huquqbuzar U.A.ga nisbatan jazo tayinlashda insonparvarlik prinsiplariga amal qilib, uning aybiga iqrorligi va qilmishidan pushaymonligini, oilaviy va moddiy sharoitini, muqaddam sudlanmaganligini inobatga olib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 22722-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topib, eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarima jazosi tayinladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 27-moddasi 1-qismiga asosan umumiy bahosi 5 millionga yaqin turli xil tovarlar, lazer qurilmalari davlat egaligiga musodara qilindi.
Izoh (0)