19-sentabr kuni Belarus Respublikasi ta’lim vaziri Igor Karpiyenkoning O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov hamrohligida Toshkent davlat pedagogika universitetiga tashrifi kutilmoqda, deb yozadi O‘zA.
Vazirlar ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalarining hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari va universitetdagi mavjud sharoit bilan tanishadi.
Joriy yilning 12—14-sentabr kunlari Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Rasmiy tashrif doirasida ikki davlat rahbarlari Qo‘shma bayonotni imzoladi. Shuningdek, 19 hujjat, jumladan, o‘zaro savdoga ko‘maklashish tizimi, sanoat mulkini muhofaza qilish, bojxona ishlarida o‘zaro yordam to‘g‘risida, fan va texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, tibbiyot, oliy ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlik to‘g‘risida bitim va shartnomalar imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Belarus Respublikasi ta’lim vazirligi o‘rtasida imzolangan idoralararo oliy ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ham shular jumlasidandir.
Bugungi kunda dunyoning 40 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan Toshkent davlat pedagogika universitetida qator ahamiyatga molik dasturlar amalga oshirilmoqda. Xususan, universitetda boshqaruv tizimini takomillashtirish, malaka oshirish va qayta tayyorlash, masofadan o‘qitishni tashkillashtirish bo‘yicha “Erazmus +” dasturi doirasidagi grantlar asosida 50 dan ortiq professor-o‘qituvchi Italiya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, Ispaniya, Rossiya, Latviya davlatlarining rivojlangan ta’lim muassasalarida malaka oshirib qaytdi. Hozirda universitetda 100 dan ortiq xorijlik talaba tahsil olmoqda.
Uchrashuvda qo‘shma fakultetlar ochish to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)