Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi qalbaki hujjatlar asosida biometrik pasportni qo‘lga kiritgan shaxsni aniqladi, deb yozadi O‘zA.

Foto: “Gazeta.uz”

U 1976-yil 20-may kuni tug‘ilgan bo‘lsa-da, soxta ma’lumot va hujjatlar asosida tug‘ilgan yilini to‘qqiz yilga yoshartirib olishga erishgan.

“Gap shundaki, ichki ishlar idorasida yollanma xodim bo‘lib ishlaydigan fuqaro Malohat Jo‘rayeva (ism-familiyasi o‘zgartirildi) fuqarolik ishlari bo‘yicha Denov tumanlararo sudiga shikoyat ariza bilan murojaat etib, o‘zining 1976-yil 20-mayda emas balki, 1985-yil 20-mayda tug‘ilganligini, tug‘ilgan vaqtida otasi vafot etganligi sababli onasi o‘z vaqtida tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olmaganini, 1999-yilda bobosi Sariosiyo tumani fuqarolik holati dalolatnomasini yozish bo‘limiga borib, e’tiborsizlik bilan unga 1976-yilda tug‘ilganlik haqida guvohnoma olganini ma’lum qilgan.

Tug‘ilganlik guvohnomasi va fuqarolik pasportida 1976-yilda tug‘ilgan, deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, o‘zi aslida 1985-yilda tug‘ilganligini, yashagan manzilining qishloq vrachlik punkti va mahalla fuqarolar yig‘inining aholini ro‘yxatga olish rasmiy kitobida 1985-yilda tug‘ilganlar ro‘yxatida turishini, maktabda ham 1985-yilda tug‘ilgan tengqurlari bilan o‘qiganligini, bu holatni Sariosiyo tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabni 2002-yil 16-iyunda bitirganlik haqidagi shahodatnomasi tasdiqlashini bildirgan”, — deyiladi xabarda.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Denov tumanlararo sudi fuqaro Malohat Jo‘rayevaning vajlarini qanoatlantirib, uning tug‘ilgan yilini 1976-yildan 1985-yilga o‘zgartirish majburiyatini Sariosiyo tumani fuqarolik holati dalolatnomasini yozish bo‘limi boshlig‘i zimmasiga yuklagan. Sudning hal qiluv qaroriga asosan, tuman fuqarolik holati dalolatnomasini yozish bo‘limi tomonidan Malohat Jo‘rayevaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma dublikati berilgan bo‘lib, unda 1985-yil 20-may kunida tug‘ilganligi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, guvohnoma FHDYoBda mavjud dalolatnomalarni qayd etish kitobiga 1976-yil 11-iyun kuni 222-raqam bilan qayd etilganligi haqida yozib qo‘yilgan.

Biroq, surishtiruv ishlari natijasida fuqaro Malohat Jo‘rayevaning Sariosiyo tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinfini 1992—1993-o‘quv yilida tamomlagani aniqlangan. Shu sababli unga 1993-yilda AU №191376 seriya raqamli shahodatnoma berilgan. Ushbu hujjat Malohat Jo‘rayevaning 1976-yilda tug‘ilganligini tasdiqlaydi. Shuningdek, unga tegishli mehnat daftarchasining 2—3-betlarida u ilk mehnat faoliyatini boshlagan yillar qayd etilgan. Agar Malohat Jo‘rayeva rostdan ham 1985-yilda tug‘ilgan bo‘lsa, u 12 yoshidan ishga qabul qilingan ekan-da, degan xulosa kelib chiqadi.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.