Uzcard faoliyatida muammolar boshlanganidan beri Markaziy bank vakillari tomonidan dasturiy ta’minot mutaxassislari bilan hamkorlikda to‘lov tizimi ishini tiklash bo‘yicha ko‘mak berilmoqda. Bu haqda MB matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: “Gazeta.uz”

Hozirda tizimni tiklash bo‘yicha birinchi bosqich yakunlandi — to‘lov kartalaridagi qoldiqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi tiklandi. Ikkinchi bosqich — to‘lov terminallari ishini tiklash kun davomida amalga oshiriladi.

Fuqarolar zarurat bo‘lgan taqdirda naqd pul uchun xizmat ko‘rsatuvchi banklariga murojaat etishi mumkin. Buning uchun hozircha aynan karta ochilgan bank filialiga borish zarur (terminallar faoliyati tiklanganidan keyin har qanday bankning istalgan filialiga murojaat qilsa bo‘ladi). Markaziy bank tomonidan tijorat banklari bilan birgalikda mamlakatning barcha hududlaridagi filiallarni naqd pul bilan ta’minlash bo‘yicha ish olib borildi.

Markaziy bank yuz bergan holat e’tiborsiz qolmasligini bildirdi. Qonunchilikka MBni barqaror ishlashlarini ta’minlash maqsadida to‘lov tizimlari faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha huquq hamda majburiyatlar bilan ta’minlovchi o‘zgarishlar kiritiladi.