Toshkentlik Toshev A.R. Xorazm shakar zavodi aksiyalarining 99,4 foizini sotib oldi, deb yozadi Spot Respublika fond birjasi ma’lumotlariga tayanib.

Foto: “Xorazmshakar.uz”

Aksiyalar birjaga avgust oxirida 2,84 million donna hajmida joylashtirilgan edi. So‘nggi oldi-sotdi bitimi chog‘ida aksiyalarning birjadagi va nominal qiymati bir donasi uchun 5 ming so‘mni tashkil qilgan, bozor kapitalizatsiyasi 14,2 milliard so‘mga teng bo‘lgan.

Oldi-sotdi bitimi natijasida Toshev korxona ustav kapitalining 99,4 foizi yoki 2,83 millionta aksiya egasiga aylandi.

Ekspert nashrga ma’lum qilishicha, 2017-yil yakunlariga ko‘ra, kompaniya 56,5 milliard so‘mdan ortiq sof daromad olgan, tushumi 817,9 milliard so‘m, kapitali esa 55,6 milliard so‘mni tashkil qilgan.

Ammo 2018-yilning birinchi yarim yilligida kompaniya savdoni deyarli to‘liq to‘xtatib qo‘ygan va moliyaviy daromadlar hisobidan 1,6 milliard so‘mgina daromad olgan.