O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov “O‘zbekiston 24” telekanali orqali maktab formasi haqida namoyish etilgan videolavha yuzasidan o‘z fikrini bildirib o‘tdi. Lavhada yosh-yosh o‘quvchi qizlarning yubkalari kaltaligidan tortib, o‘qituvchilarning formasi yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirilgan.

Foto: UZ24

“Xalq ta’limi vazirligidagi faoliyatimning boshidayoq formadan ko‘ra ancha muhimroq boshqa muammolar borligi haqida gapirib o‘tgan edim. Ammo afsuski, haligacha ko‘pchilik faqat shu haqda gapirib, shunga chalg‘ib qolmoqda”, — deb yozdi vazir Facebook’dagi sahifasida.

“Hammamiz o‘qituvchilar obro‘sini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilayotgan bir paytda o‘quvchilar formasi masalasidan o‘qituvchining kiyimiga o‘tish noto‘g‘ri bo‘ldi, deb o‘ylayman. Hozir yuqori malakali o‘qituvchilarni topish shunday ham qiyin”, — dedi Sherzod Shermatov.

“Bundan tashqari, televideniye orqali kimnidir uning roziligisiz salbiy ma’noda ko‘rsatayotgan paytda ularni tanib olish mumkin bo‘lmasligi uchun, yuzlarini yopish zarur. Sivilizatsiyalashgan jamiyatda shaxsning, ayniqsa, bolalarning omma oldida kamsitilishiga yo‘l qo‘yish mumkin emas!” — deb yozdi vazir.

Sherzod Shermatov jurnalistlar kelajakda bunday muhim jihatlarni e’tiborga olishiga umid qilib qoldi.