Nurobod tumanida respublika qorako‘lchilarining hududiy seminari bo‘lib o‘tdi. Samarqand, Navoiy, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan tarmoq idoralari rahbar va mutaxassislari, fermerlar qorako‘lchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘llarini muhokama qildilar. Bu haqda “Zarnews” xabar berdi.

Foto: “Zarnews”

Seminar doirasida tumandagi Jarquduq qishlog‘ida Samarqand viloyati “Qorako‘lchilik markazi” ochildi. Markazda xizmat qiluvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv xonasi, veterinariya dorixonasi, omixta yem omborlari, tikuv sexi va jun xomashyosi hamda issiqxona faoliyati tadbir qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

— Mazkur markazni tashkil etish, jihozlash va obodonlashtirish ishlari uchun 460 million so‘m mablag‘ sarflandi, — deydi viloyat “Qorako‘lchilik markazi” raisi Bahodir Sanayev. — Bundan ko‘zlangan maqsad qorako‘lchilik sohasi mutaxassislarining bilimi va malakasini oshirishdan iborat. Ilgari qorako‘l qo‘ylarni bo‘rdoqiga boqishga ixtisoslashgan maxsus majmualar mavjud emas edi. Markaz ochilishi bilan qorako‘l va go‘sht yetishtirish, ozuqa tayyorlash sexlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy kushxonalar ochish, terini oshlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish sexlarini qurish imkoni yaratiladi.

Tadbir ishtirokchilari bu yerda qorako‘l terilari va ulardan tayyorlangan bosh kiyimlar hamda poyabzal mahsulotlari, “Nurli el chorvadori” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli “Qayrog‘och quduq” xo‘jaligida chorva qishloviga tayyorgarlikning borishi, yaratilayotgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar.

Seminar ishida respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi raisi Nurbek Yo‘ldoshev ishtirok etdi.