Samarqand viloyat Advokatlar palatasi rahbari Otabek Axtamov 3-sentabr kuni DXX xodimlari tomonidan 12 ming AQSH dollar olayotgan paytda qo‘lga tushgani haqida xabar bergan edik.

Ushbu holat bo‘yicha Samarqand viloyat prokuraturasi rasmiy ma’lumot taqdim etdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar bermoqda.

Foto: Getty Images

Joriy yilning 3-sentabr kuni fuqaro N.Karimova viloyat prokurori nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda TIF “Milliy bank” Samarqand viloyat bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilayotgan jinoyat ishi yuzasidan singlisi F.Boboqulovaning huquqlarini himoya qilish uchun Advokatlar palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i O.Axtamov bilan shartnoma tuzganligini, O.Axtamov unga jinoyat ishi bo‘yicha F.Boboqulovaga yengillik qilib berish masalasini viloyat prokuraturasi mansabdor shaxslari orqali 20 ming AQSh dollari evaziga ijobiy hal qilib berishini aytib, mansabdor shaxsga pora berishga qiziqtirib, dalolat qilganligi, ushbu pullarni talab qilib kelayotganligini, himoyachisi O.Axtamovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

2018-yil 4-sentabr kuni soat 14:35 larda N.Karimovaning arizasi yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Advokatlar palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i — “Qomus” advokatlar hay’ati boshqaruvchisi, himoyachi O.Axtamov xizmat mavqeyidan foydalangan holda o‘zining g‘araz va boshqa manfaatlarini ko‘zlab, TIF “Milliy bank” Samarqand viloyat bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan tergov harakatlari o‘tkazilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi — himoyasi ostida bo‘lgan fuqaro F.Boboqulova tomonidan yetkazilgan zararni yo‘q qilib berish, viloyat prokuraturasi mansabdor shaxslari orqali ijobiy hal qilib berishi evaziga F.Boboqulovaning opasi N.Karimovadan kelishilgan 20 ming AQSh dollaridan 11 ming 900 AQSh dollari pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan O.Axtamovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, O.Axtamovga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi tanlangan.

Jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.