Marg‘ilon shahrida “Atlas bayrami” an’anaviy to‘qimachilik festivali davom etmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov xabar berdi.

Foto: “Daryo”

13-sentabr kuni festival doirasida Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazida yosh hunarmandlar uchun an’anaviy hunarmandchilik hamda liboslar dizayni bo‘yicha mahorat darslari bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli ustalar tomonidan an’anaviy kashtado‘zlik, tabiiy bo‘yash, liboslar dizayni bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

An’anaviy to‘qimachilik va tadbirkorlik bo‘yicha amaliy treningni taniqli hunarmandlar bilan birga, Mo‘g‘uliston, Bangladesh kabi davlatlardan kelgan mutaxassislar olib bordi.

Foto: “Daryo”

Xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan festivalda Rossiya, Xitoy, Ispaniya, Fransiya, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 30 dan ziyod mamlakatlardan kelgan ustalar, rassomlar, soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Marg‘ilon azaldan atlas va adras tayyorlash markazi bo‘lib kelgan. Yo‘qolib borayotgan an’analarni tiklash va asrab-avaylash maqsadida 2007-yilda Marg‘ilonda hunarmandchilikni rivojlantirish markazi ochilib, hozirga qadar atlas va adras matolarini tayyorlash texnologiyasini saqlash, rivojlantirish va ommaviylashtirish bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Foto: “Daryo”

Bugungi kunda shaharda atlas, adras, beqasam va shoyi to‘qish bilan 500 dan ortiq usta shug‘ullanadi. Hunarmandlar tomonidan qadimiy namunalar asosida ishlab chiqarilayotgan “Marg‘ilon”, “Navro‘z”, “Rasadxona”, “Bibixonim”, “Bargi karam”, “Chaqirim”, “Namozshomgul”, “Qora ko‘zim”, “Begoyim”, “O‘zbekiston go‘zali”, “Qo‘chqorshox”, “Guldasta”, “Kelinchak atlas” deb nomlangan ipak matolarga bugun dunyo miqyosida qiziqish yuqori.

Foto: “Daryo”

Marg‘ilon hunarmandlari yaratgan gilamlar, ipak matolar, zargarlik va zardo‘zlik buyumlari dunyoning turli mamlakatlaridan keladigan sayyohlarni hayratga solmoqda.

Festivalning rasmiy ochilish marosimi 14-sentabr kuni o‘tkaziladi. Asosiy tadbirlar shahardagi ijodkorlar bog‘ida bo‘lib o‘tadi.