Buxoro viloyatining Vobkent tumani Imomqozixon qishlog‘ida yashovchi B. ismli yigit hamqishlog‘i N. ismli qiz bilan bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan edi. Bundan xabar topgan qizning ota-onasi qizini shu yigitga berishga ro‘yxushlik bermaydi. G‘azablangan yigit qiz bilan uchrashib, unga bor zahrini socha boshlaydi. O‘zaro janjal yigitning qiz ko‘ksiga pichoq urishi bilan yakun topdi, deb yozadi O‘zA.
“Ushbu jinoyat ishiga oid sud jarayonida sudlanuvchi ushbu qotillikni amalga oshirish uchun zimdan tayyorgarlik ko‘rgani ma’lum bo‘ldi, — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudi sudyasi Zavqiy Qurbonov. — Qiz bilan uchrashish uchun yo‘lga chiqar ekan u o‘zi bilan pichoq oladi. Qizning ota-onasi uni boshqa kishiga turmushga berishini o‘ylagan yigitning ko‘zi qonga to‘lgandi. Yo‘l-yo‘lakay yigit qizning otasiga qo‘ng‘iroq qilib, shu kuni bir voqea sodir bo‘lishini, uning tafsilotlari haqida kechqurun xabar topishini bildiradi. Bu harakati bilan u rejalashtirgan jinoyatiga ishora qilgan”.
Qiz deyarli to‘rt yil sevishgan yigitining oldiga kelar ekan, uni yeru ko‘kka ishonmagan odamdan aslo shubha qilmagan. Biroq yigit uchrashuvga kelgan qizning chap qo‘lining yelka qismiga jami yetti marotaba hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari yetkazgan. Voqea joyiga qizning otasi tomonidan yuborilgan tog‘asi va amakisi yetib kelgan.
Yigit qasddan odam o‘ldirish jinoyatini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda oxiriga yetkaza olmay, hodisa joyidan yashirinadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudining hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi B. Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Izoh (0)