“Teraklarimiz yetilsa, puliga haj ziyoratiga boramiz”. Sayxunobodlik Baxtiyor Tog‘ayev ana shunday ezgu niyatda terakzor barpo etgan edi. Ammo u daraxtlari yetilmasdan bu niyatiga erishdi, deb yozadi “Xalq so‘zi”.
Gap shundaki, Shavkat Mirziyoyev joriy yil ko‘klamida Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Sayxunobod tumanida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida so‘zga chiqqan mehnat faxriysi Baxtiyor Tog‘ayevning ibratli faoliyatiga yuksak baho berib, u va turmush o‘rtog‘i Nazira ayaning bu yil muborak Haj ziyoratiga imtiyozli ravishda borib-kelishini aytgandi.
“Ollohga beadad shukrlar bo‘lsinki, islomning ulug‘ arkonlaridan biri — Haj ibodatini to‘la-to‘kis ado etib keldik. Davlatimiz rahbarining kamtarona mehnatimizga ko‘rsatgan yuksak e’tiboridan boshimiz osmonga yetdi. Ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Mamlakatimizda inson qadr-qimmatini ulug‘lash eng oliy maqsad ekanligini o‘z hayotimizda ko‘rdik va dildan his etdik. Bugun biz birimiz hoji ota, birimiz hoji ona bo‘lib, o‘zimizni yanada baxtiyor his etmoqdamiz. Davlatimizdan, hayotimizdan rozi bo‘lib, takror-takror shukronalar aytyapmiz. Ana shunday imkoniyatni bizga yaratib bergan Prezidentimizdan minnatdormiz”, — deydi Baxtiyor hoji Tog‘ayev.
Baxtiyor Tog‘ayevni bekor yotgan yerda shovullagan terakzor yaratgan bog‘bon sifatida ko‘pchilik yaxshi biladi. Joriy yil bahorida avtomobil yo‘li chetidagi ana shunday qarovsiz maydonga yana 12 ming tup nihol o‘tqazdi. Shu bilan birga hovlisida asalari ham boqadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident o‘z hisobidan hajga yuborgan Baxtiyor otaning taassurotlari e’lon qilingan edi.
Izoh (0)