Navoiy viloyati Karmana tumanida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oliy sudi va Bosh prokuratura mas’ullari ishtirokida Navoiy shahri, Karmana, Qiziltepa va Navbahor tumanlari aholisi bilan ochiq muloqot hamda sayyor qabul o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ochiq muloqot va sayyor qabulda fuqarolarning taklif-mulohazalari, ularni ko‘pdan beri qiynab kelayotgan muammolar, yechimini kutayotgan dolzarb masalalar hamda sud organlari tomonidan chiqarilgan qaror va hukmlardan noroziligi holatlari o‘rganildi. Mavjud to‘rtta sud mas’ullari har bir murojaatni tinglab, ularga qonuniy javob va huquqiy maslahat berdi.
Xususan, Navbahor tumani “Yuqori Beshrabot” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Madaminjon Berdirasulov va uning otasi Tuyg‘un Mahmudov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisiga tashakkurnoma bildirildi. Gap shundaki, joriy yil 19-may kuni Madaminjon o‘z boshqaruvidagi Tiko rusumli avtomashinasida ehtiyotsizlik oqibatida yo‘l bo‘ylab velosipedda harakatlanayotgan fuqaroni urib yuboradi. Oqibatda velosiped haydovchisi yengil tan jarohati oladi. Haydovchiga nisbatan jinoyat ishi ochiladi. Tuman sudi tomonidan mahallada sayyor sud o‘tkazilib, jabrlanuvchi va ayblanuvchining o‘zaro yarashuviga erishilgach, ish harakatdan to‘xtatiladi. Bu bilan bir insonning ehtiyotsizlik tufayli jinoyatchiga aylanib qolishi, farzandlari kelajagi va taqdiriga putur yetishining oldi olindi.
Aholi bilan uchrashuvlar kunning ikkinchi yarmida Xatirchi tumanida davom etdi. Unda fuqarolarning muammolari o‘rganilib, aksariyatiga huquqiy yechim topildi.
Sayyor qabullar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida davom etmoqda.
Izoh (0)