GM Uzbekistan Captiva ishlab chiqarishni to‘xtatayotganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan Spot O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va keyinchalik boshqa rusumlarga o‘z o‘rnini bo‘shatib bergan avtomobillarga e’tibor qaratdi.

Daewoo Tico (1996 — 2003)

Tico’ning tarixi 1982-yilda Yaponiyada Suzuki Alto bilan boshlangan. Bir necha yildan so‘ng ishlab chiqaruvchi modelni Janubiy Koreyaga sotgan. Avtomobil 1996-yildan O‘zbekistonda, shuningdek, uch darajali tezlik uzatish qutisi bilan Ruminiya va Polshada ishlab chiqarila boshlangan. Model 1990-yillar oxiriga kelib eskirgan va Daewoo uning o‘rnini bosuvchini izlab, Tico’ni ishlab chiqarishni qisqartira boshlagan. Uning ishlab chiqarilishi dastlab Janubiy Koreya, keyin Sharqiy Yevropa va 2003-yilda O‘zbekistonda to‘xtatilgan. Asakadagi zavodda jami 90 mingta Tico ishlab chiqarilgan. Uning o‘rnini esa Matiz egallagan.

Foto: Google Images

Daewoo Nexia (1996 — 2008)

Nexia’ning namunasi 1984-yildan boshlab ishlab chiqarilgan Opel Kadett E nemis modeli bo‘lgan. 1995-yilda Daewoo modelni zamonaviylashtirgan va Janubiy Koreyada Daewoo Cielo nomi ostida sota boshlagan. 1996-yilda mashina O‘zbekistonda ishlab chiqarilib, MDH mamlakatlariga sotila boshlandi. Nexia’ning ishlab chiqarilishi 2008-yilda uning o‘rniga restayling qilingan Nexia II kelgach, to‘xtatilgan.

Foto: Google Images

Chevrolet Tacuma (2007 — 2009)

Avtomobil Daewoo Nubira asosida loyihalashtirilgan. Avtomobil ko‘plab mamlakatlarda Rezzo brendi ostida sotilgan. Mashina Tacuma nomi ostida faqat O‘zbekiston va Ukrainada ishlab chiqarilgan. 2008-yilda mashina Asakada ishlab chiqarila boshlanganda, allaqachon eskirgan model edi va o‘zining “so‘nggi kunlarini yashayotgan edi”. Uning o‘rnini Chevrolet Orlando egalladi.

Foto: Google Images

Chevrolet Epica (2007 — 2012)

Tacuma bilan bir vaqtda keng gabaritli Epica ham ishlab chiqarila boshlangan. Tacuma’dan farqli ravishda Epica yangi model edi, u rasman 2006-yilda taqdim etilgan. Avtomobil O‘zbekistonda 2012-yilgacha ishlab chiqarildi va uning o‘rniga Malibu keldi.

Foto: Google Images

Chevrolet Lacetti (2003 — 2014)

Daewoo tomonidan 1997-yildan boshlab ishlab chiqarilgan Nubira’ning o‘rnini 2002-yilda Lacetti egallagan. Bir yildan so‘ng esa Lacetti Asakadagi zavodda ishlab chiqarila boshlangan. 2008-yilda Lacetti O‘zbekistonda seriyali ishlab chiqarila boshlangan. 2013-yilda esa Lacetti II (Gentra) ishlab chiqarilishi boshlandi. Bir yildan keyin esa birinchi avlod Lacetti’ning ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan.

Foto: Google Images

Chevrolet Nexia (2008 — 2016)

Klassik Nexia’ning restayling talqini O‘zbekistonda sakkiz yildan ko‘proq ishlab chiqarildi, shundan so‘ng o‘z o‘rnini Ravon Nexia’ga bo‘shatib berdi. U xalq tilida Nexia III deb ataladi

Foto: Google Images

Chevrolet Malibu (2012 — 2017)

Dastlabki Malibu 1978-yilda AQShda ishlab chiqarilgan. O‘zbekistonda 2012-yildan ishlab chiqarila boshlangan talqin modelning 1997-yilda qayta tug‘ilganidan keyingi sakkizinchi avlodi hisoblanadi. 2017-yilda uning o‘rnini Malibu’ning to‘qqizinchi talqini egalladi, u xalq tilida Malibu II nomini olgan. 2019-yilda modelning dunyo bo‘yicha o‘ninchi talqinini taqdim etish rejalashtirilgan.

Foto: Google Images

Chevrolet Orlando (2014 — 2018)

O‘zbekistonda 2014-yildan ishlab chiqarila boshlangan Orlando 2008-yilda taqdim etilgan. 2015-yildan boshlab modelni Vyetnam, Rossiya va Venesuelada ishlab chiqarish bosqichma-bosqich qisqartirilgan. 2018-yilda avtomobil faqat ikkita mamlakat — O‘zbekiston va Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan. Shundan so‘ng GM Janubiy Koreyadagi zavodni yopishga qaror qilgan, GM Uzbekistan esa Orlando xaridi uchun shartnomalar berish to‘xtatilganini ma’lum qildi. Modelning dunyo bo‘yicha ishlab chiqarilishi yopilgan hisoblanadi.

Foto: Google Images

Chevrolet Matiz (2001 — 2018)

Matiz avtomobili Asaka avtomobil zavodida ishlab chiqarilishi o‘zlashtirilgan to‘rtinchi model bo‘lib, 2001-yil avgust oyidan yig‘ila boshlangan. 2004-yil dekabr oyida dvigatel hajmi 1 l bo‘lgan Matiz Best hamda avtomatik uzatma qutili modifikatsiyalari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Matiz avtomobillari kichik hajmli avtomobillar sinfiga tegishli bo‘lib, ushbu sinfdagi avtomobillarga bo‘lgan ehtiyoj Spark avtomobillarini ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish orqali qoplanadi.

Foto: GM Uzbekistan

Chevrolet Captiva (2007 — 2018)

Chevrolet Captiva avtomobili mamlakat bozoriga kirib kelganiga roppa-rosa 11 yil to‘ldi. Ilk bor Captiva avtomobilini O‘zbekistonda yirik tarmoqli yig‘ish 2007-yilning oktabr oyidan boshlangan. 2011-yilning sentabr va 2017-yilning fevral oylarida avtomobilning yangilangan modeli chiqarilgan.

Foto: Google Images