Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslar, jumladan, ichimlik suvidan oqilona foydalanish, suvi muhofaza qilinadigan zonalar tartib-qoidalariga rioya etishni ta’minlash, mazkur sohada yuridik va jismoniy shaxslar mas’uliyatini oshirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlari guruhi va Qonunchilik palatasiga Buxoro viloyatidan saylangan deputatlar hamkorligida tashkil etildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari B.Alixonov olib borgan muloqotda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlari deputatlari, mutasaddi tashkilotlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda yuqorida qayd etilgan holatlarning oldini olish va bartaraf etishda jamoatchilik nazorati faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, aholining ekologik-huquqiy bilimini boyitish, mas’uliyatini oshirish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega ekaniga alohida e’tibor qaratildi.
Tegishli tashkilotlar, jumladan, nazorat organlari rahbarlarining axboroti tinglandi. Shuningdek, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan undan tejamkorlik bilan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Izoh (0)