Abxaziya bosh vaziri Gennadiy Gaguliya 8-sentabr kuni kechki payt YTH oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda hukumat matbuot kotibi Diana Zantariya ma’lum qildi, deya xabar beradi Sputnik-Abxaziya.
“Biz bu ma’lumotni tasdiqlaymiz. Avariya Psou-Suxum yo‘lida, Myusser posti yaqinida soat 23:00 atrofida ro‘y berdi”, — dedi Zantariya.
Gennadiy Gaguliya prezident Raul Xadjimba boshchiligidagi Abxaziya delegatsiyasi tarkibida rasmiy tashrif bilan Suriyada bo‘lgan va Sochi aeroportidan qaytayotgandi.
Hukumat kortejiga kelib urilgan VAZ mashinasi haydovchisi Xadjarat Tarsman narkotiklar ta’sirida bo‘lgani bildirilmoqda. YTHda bosh vazirning haydovchisi va tansoqchisi omon qolgan hamda kasalxonaga yetkazilgan.
70 yoshli Gennadiy Gaguliya joriy yil aprel oyida bosh vazir etib tayinlangan, bungacha ikki muddat— 1995—1997 va 2002—2003-yillarda ham Abxaziya hukumatini boshqargandi.