Kattaqo‘rg‘on shahridagi Samarqand Davlat chet tillari instituti qoshidagi 2-son akademik litseyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarini tayyorlash instituti hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligidagi “Yoshlar muammosi istiqbolli kadrlar nigohida” mavzusida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Bu haqida “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar berdi.
O‘quv-seminarda tuman va shahar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman va shahar Kengashi raislari, kadrlar zaxirasiga tarkibiga kiritilgan nomzodlar va Samarqand Davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Seminarda so‘zga chiqqanlar ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ijobiy o‘zgarishlar zamirida har tomonlama barkamol, jismonan sog‘lom, aqlan yetuk, zamonaviy bilimlar va kasb-hunarlarni egallagan, mustaqil va ijodiy fikrlashga qodir, intellektual salohiyati yuksak yosh avlod to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishdek ustuvor maqsad ekanligini bildirib o‘tdi.
O‘quv-seminarda mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosati navqiron avlod ongi va qalbiga singdirish, yoshlarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida hal etish, ularda vatanparvarlik, istiqlolga sadoqat tuyg‘ularini chuqur singdirish lozimligi ta’kidlandi.
Izoh (0)