Mustaqillikning 27 yillik bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “Salomatlikni targ‘ib qilish kunlari”ni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori asosida Samarqand viloyatining barcha shahar va tuman markaziy poliklinikalarida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik, istirohat bog‘larida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqida “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar bermoqda.
“Salomatlikni targ‘ibot qilish kunlari”ni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlaridan 10 ta ixtisoslik bo‘yicha professor va dotsentlar jalb etilib, viloyatning chekka qishloqlarida aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish ishlari olib borilmoqda.
“Aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash maqsadida o‘tkazilayotgan ushbu ikki kunlik targ‘ibot tadbirida 20 mingdan ortiq aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni maqsad qilganmiz, — deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ambulator poliklinika xizmati bo‘yicha bosh mutaxassisi Abdullo Abiyev. — Qolaversa, aholining tibbiy bilim va tafakkurini yuksaltirish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida istirohat bog‘larida o‘tkaziladigan tadbirlar orqali 100 mingdan ortiq aholiga tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borish rejalashtirilgan”.
Tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish uchun Toshkentdan tashrif buyurgan nufuzli mutaxassislar har bir tuman va shahar markaziy poliklinikalarida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklarni amalga oshirmoqda.
Shuningdek, yoshlar ishtirokida yugurish marafoni ham tashkil etildi. Ushbu marafonda ikki yuzdan ortiq yosh ishtirok etdi.
Jamiyat salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil etish ilmiy tadqiqot instituti Samarqand viloyat bo‘linmasi tomonidan tashkil etilgan “Salomatlikni targ‘ib qilish kunlari” tadbirlari doirasida xirurgiya, nevrologiya, urologiya, kardiologiya, travmatologiya, pediatriya, akusher-ginekologiya, oftalmologiya yo‘nalishlaridagi yetuk mutaxassislar ko‘rigidan o‘tmoqda. Har bir tuman markazi istirohat bog‘larida maxsus pavilonlar tashkil etilib, ular UTT, EKG kabi zamonaviy apparatlar va laboratoriya tahlil vositalari bilan jihozlangani e’tiborga molik.
Izoh (0)