Samarqand viloyatidagi ta’lim muassasalarida ham yangi – 2018/2019-o‘quv yili “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostidagi “Mustaqillik darslari” bilan boshlandi, deb yozadi O‘zA.
Yangi o‘quv yilining boshlanishi va “Mustaqillik darslari”da viloyatdagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari, ziyolilar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov Samarqand shahridagi 37-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etib, o‘qituvchi va o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi.
Yangi o‘quv yilida viloyatdagi 1 ming 200 umumta’lim maktabida 683 ming nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi. Jumladan, 78 ming nafar bola ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘ydi. Ularga o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘asi topshirildi.
Joriy yilgi investitsiya dasturi hamda “Obod qishloq“ va “Obod mahalla“ dasturlari asosida viloyatdagi 98 maktabda qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Maktablarga 226 nomdagi jami 3 million 297 ming dona darslik yetkazib berildi.
Yangi o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 10-sinfida o‘qishni davom ettiradigan 56 ming 250 nafar, 11-sinfida o‘qiydigan 30 ming 203 nafar o‘quvchiga kasb-hunar o‘rgatish maqsadida o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etilgan.
Viloyat hokimi o‘quvchilarga o‘qishda muvaffaqiyat tiladi.
Izoh (0)