“O‘zbekneftgaz” Rossiyaning “Zarubejneft” kompaniyasi bilan O‘zbekistonning uzoq muddatli konlarida uglevodorod xomashyosini qazib olish hajmini yanada oshirish imkoniyatlarini o‘rganishga kirishdi.

Foto: “O‘zbekneftgaz”

Ushbu maqsadda joriy yilning 27—30-avgust kunlari “Zarubejneft” AJning geologiya, geofizika va konlarni rivojlantirish bo‘yicha bir guruh mutaxassislari O‘zbekistonda bo‘ldi. Ular “Andijonneft” AJ mutaxassislari bilan birgalikda Xartum, Bo‘ston, Janubiy Olamishiq, Namangan, Tergachi va Sho‘rbuloq konlarida neft qazib olishni ko‘paytirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqdi.

Jumladan, qo‘shma guruh joylarda tahlil uchun materiallarni yig‘ib oldi.

O‘rganish davomida turli texnologiyalar ko‘rib chiqildi, ular orasida elektr markazdan qochirma nasoslarni tushirish va quduqlarda ta’mirlash ishlarining samaradorligini oshirish kabilar bor.

Ushbu hamkorlik “O‘zbekneftgaz” AJ va “Zarubejneft” AJ o‘rtasida neft va gaz sohasida hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha joriy yilning 30-iyun kuni imzolangan anglashuv memorandumiga muvofiq amalga oshirilmoqda. Hujjatga muvofiq, tomonlar qo‘shma guruh tashkil etgan va ikki kompaniya mutaxassislari ishtirokida qo‘shma tadqiqot ishlari boshlab yuborilgan.