Toshkentda Senat kengashi va xalq deputatlari Uchtepa tuman kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat raisi N. Yo‘ldoshev, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari N. Umarov, Uchtepa tumani hokimi Sh. Atamuxamedov, senatorlar, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi, deb yozadi O‘zA.
Majlisda hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy holat va aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhining axboroti tinglandi. Shuningdek, mas’ul vazirlik va idoralar, tuman hokimligi rahbarlarining belgilangan vazifalarni ijro etish chora-tadbirlari haqidagi ma’lumotlari muhokama qilindi. 4 ta sektor kesimida Respublika ishchi guruhi tomonidan tumanning 60 mahallasida aholi muammolari o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Unda bandlikni ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratish, sog‘liqni saqlash, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, obodonlashtirish hamda yo‘llarni ta’mirlash, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish kabi sohalar kiritilgan.
Tadbirda joriy yilda hududdagi ko‘p qavatli uy-joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha olib borilgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Unga ko‘ra, hududdagi ko‘p qavatli uylarning tomlarini ta’mirlash ishlari 25 foizga, yo‘laklarni ta’mirlash 47 foizga bajarilgan. Bugungi kunda tumandagi 23 mahalladagi 650 uy-joylarga 182 shirkat xizmat ko‘rsatmoqda. Biroq shunday bo‘lsa-da, soha xodimlarining o‘rganishlari davomida Bog‘iston, Hamdo‘st, Diyorobod, Zulfizar va Birlik kabi mahallalarda avariya holatidagi ko‘p qavatli uylar haligacha e’tibordan chetda qolayotgani, ushbu muammoga tez fursatda chora ko‘rish lozimligi yuzasidan zarur topshiriqlar berildi.
Majlisda mahalla raislariga ham hududida befarq bo‘lmay, ijtimoiy ahvolni yanada yaxshilash, aholiga qulay sharoit yaratish borasida zarur vazifalar berildi. Joylarda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar tartibli o‘tkazilishini ta’minlash lozimligi qayd etildi. Shuningdek, tumanni kompleks rivojlantirish, aholini tashvishga solayotgan muammo hamda kamchiliklarni bartaraf etish ijrosini parlament, deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilishni ta’minlash choralari to‘g‘risida qo‘shma qaror qabul qilindi.
Izoh (0)