Qibray tumanida oʻtkaziladigan innovatsion tadbirkorlik haftaligi doirasida hunarmand va tadbirkor ayollarning Innovatsion yarmarkasi boʻlib oʻtadi. Bu haqda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ixtirochi ayollar markazi tomonidan tashkil etilayotgan mazkur haftalik xotin-qizlarni tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatiga keng jalb qilish, ularning faoliyatiga innovatsion yondashuvni joriy qilish hamda ayollarning biznes loyihalarini amalga oshirishlariga koʻmaklashishdan iborat.
Ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion tadbirkorlik haftaligida tumanning 86 mahallasida istiqomat qiluvchi 400 dan ortiq tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini boshlamoqchi boʻlayotgan, bandligi taʼminlanmagan va imkoniyati cheklangan xotin-qizlar ishtirok etadi.
Haftalik doirasida ogʻir turmush sharoitida yashayotgan hamda nogironligi boʻlgan xotin-qizlarga hunarmandchilikning 12 ta yoʻnalishi boʻyicha mahorat darslari oʻtkaziladi. Mahorat darslarida ishtirok etgan xotin-qizlar oʻz qiziqishlari asosida “Hunarmand” uyushmasi tomonidan ustozlarga biriktirilib, ularga mehnat daftarchalari ochiladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Izoh (0)