O‘zbekistonda nodavlat-notijorat tashkilotlari faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Natijada ularning soni yildan-yilga ortib, faoliyat ko‘rsatish sohalari ham kengaymoqda. 1991-yilda mamlakatda 100 ga yaqin NNT bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 9 478 tani tashkil etmoqda, deb yozadi O‘zA.
Shuningdek, adliya organlarida 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2 mingdan ortiq diniy tashkilot va 235 ta doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudlari ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, ular tarkibida 715 ta sudya faoliyat yuritmoqda.
Nodavlat notijorat tashkilotlari ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohaning turli yo‘nalishlarida, xususan, tadbirkorlik, sportni rivojlantirish, ekologiyani asrash, imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi turli sohalarni qamrab olmoqda.
NNTlarning ishchi o‘rinlari yaratishdagi o‘rniga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, joriy yilning 1-fevral holatiga 55 mingdan ortiq xodim, shundan 21 mingdan ziyodi jamoatchilik asosida ishlamoqda.
Shuningdek, 20 milliondan ortiq fuqaro turli NNTlar a’zolari hisoblanadi. Misol uchun, O‘zbekiston yoshlar ittifoqida 10 milliondan ortiq bo‘lsa, “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatida 3 milliondan ziyod, O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasida esa qariyb 2 million a’zo bor.
Adliya vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili NNTlarning hisob raqamlariga 1 trillion 864 milliard 358 million so‘mdan ortiq mablag‘ tushgan. Mazkur mablag‘lar joylarda ijtimoiy ahamiyatga ega masalalarni hal etishga sarflanmoqda.
Xususan, 2 224 nafar yolg‘iz, nogironligi mavjud, kam ta’minlangan keksalarga 345,6 million so‘mlik moddiy yordam va 117,1 million so‘mlik dori-darmon xarid qilingan. Favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish va unga tayyorgarlik ko‘rish mavzusida qariyb 40 ming nafar fuqaro o‘qitilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Andijon, Navoiy, Farg‘ona, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida 48 endokrinolog xonasi jihozlangan, 612 nafar umumiy amaliyot shifokori va 156 nafar mutaxassis o‘qitildi, xavfli guruhga kiruvchi 954 mingdan ortiq shaxs bepul skrining tekshiruvdan o‘tkazildi.
Yana ko‘plab, sunnat va nikoh to‘ylari o‘tkazildi. Oilalarning uy-joylari ta’mirlanib, maishiy texnikalar yetkazib berildi.
Izoh (0)